ru en uz

TALABALAR UzLITI ENGINEERINGGA TАSHRIF BUYURDILАR


UzLITI Engineering kompaniyasi «Karyera» loyihasini amalga oshirishda davom etmoqda. Uning maqsadi yurtimizning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari orasidan yosh istiqbolli mutaxassislarni izlashdan iborat.

Fevral oyining birinchi yarmida birdaniga ikkita «ochiq eshiklar kuni» tashkil qilinib, unda Toshkent davlat texnika universiteti (TDTU) va «MISIS» MTTU Olmaliq filiali talabalari ishtirok etishdi.


— Bu oliy o‘quv yurtlarining tanlanishi bejiz emas, — deydi kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha yetakchi mutaxassis Shaxnoza Umarova. — Korxona bugungi kunda metallurgiya sohasida qator loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda va bu yo‘nalishda mutaxassislarga ehtiyoj sezmoqda.


An’anaga ko‘ra, o‘g‘il-qizlar uchun UzLITI Engineering kompaniyasi faoliyati haqida taqdimot tashkil etildi. Uchrashuv davomida kompaniya xodimlari talabalar bilan suhbatlashib, faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari va loyiha markazida bosib o‘tgan martaba yo‘llari haqida gapirib berishdi.


— Bugun «Geologiya-qidiruv va tog‘-kon metallurgiya» fakultetining 14 nafar 4-kurs talabalari korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar, — deydi TDTU o‘qituvchisi Hojiakbar Sultonov. — Ta’kidlashni istardimki, ularning barchasi ushbu tadbirga katta qiziqish bildirishdi, chunki diplom oladigan kunlari yaqin va ular o‘z kelajagi haqida qaror qabul qilishlari kerak.


«Ochiq eshiklar kuni»ning navbatdagi ishtirokchilari «MISIS» MTTU Olmaliq filialidan 20 dan ortiq talabalar bo‘lishdi, ular qatorida universitetni bitirgan va o‘z oldiga aniq — nafaqat UzLITI Engineering bilan tanishish, balki kompaniyaga ishga joylashish imkoniyatini ko‘rib chiqish maqsadini qo‘ygan bir necha kishi ham bor edi.


— O‘tgan yili «Konchilik ishi. Foydali qazilmalarni boyitish» fakultetida o‘qishni tugatdim, — deydi So‘g‘diyona Pardaboyeva. — Yozda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarish amaliyotini tamomlab, ulkan korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, u yerda ishning tashkil etilishi bilan yaqindan tanishdim. Lekin meni ko‘proq muhandis-loyihachi ishi qiziqtiradi, shuning uchun bu tadbirga mamnuniyat bilan keldim, chunki UzLITI Engineering haqida juda ko‘p ijobiy fikrlarni eshitgandim.



Aytish joizki, shu kuni uchrashuv dasturiga yangilik kiritildi. Tashkilotchilar talabalar bilan loyiha markazida ishlash uchun nomzodlarni o‘rganish dasturining bir qismi bo‘lgan muhandislik fikrlash testini o‘tkazdilar.



Tadbir UzLITI Engineering logotipi tushirilgan esdalik sovg‘alarini topshirish bilan yakunlandi.